Biz haqimizda

Missiyamiz: O’zbek tilida ijtimoiy tadbirkorlik bo’yicha zamonaviy usulda bilim va ko’nikma berish. Yosh yetakchilarning ijtimoiy ehtiyojlarga yechim bo’ladigan innovatsion g’oyalarini rivojlantirishga ko’maklashish.

Oliy maqsad: Kundan-kunga o’sib borayotgan ijtimoiy tadbirkorlik onlayn tarmog’imiz jamiyatimizning farovon va adolatli kelajagiga iqtisodiy va ijtimoiy hissasini qo’shmoqda.

Biz haqimizda

Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi masofaviy ta’lim maskani bo’lib, ishtirokchilarga yuqori sifatli va zamon talabiga mos o’zbek tilidagi o’quv resurslarini taqdim etadi. Maktabning asosiy maqsadi yosh va izlanuvchan yetakchilarga ijtimoiy tadbirkorlik sirlari va boshqaruv tajribalarini o’rgatishdan iborat.  Maktab tomonidan taqdim etilayotgan bepul kurslar xalqaro standartlar asosida yaratilgan, mahalliy sharoitga moslashtirilgan hamda O’zbekistonda va rivojlangan davlatlarda erishilgan ilg’or tajribalar misollari bilan boyitilgan.

Maktabda kurslar asosan onlayn tarzda o’tkaziladi. Kursga ishtirokchilar o’zlariga qulay vaqtda Internetga kirib, kurs hamda maktab resurslaridan foydalanishi mumkin. Kurs so’nggida ishtirokchilarga xalqaro sertifikat beriladi hamda bitiruvchilar qo’llarida amalga oshirishga tayyor bo’lgan ijtimoiy tadbirkorlik loyihasi bilan o’qishni tamomlaydi. 

Maktab faqat onlayn kurslar taklif etish bilan cheklanib qolmay, maktab bitiruvchilarining tarmog’ini shakllantirish uchun Ijtimoiy Tadbirkorlik Klubini (ITK) joriy qilgan. Klubda ishtirokchilarning loyihalariga amaliy va nazariy yordam berish bilan bir qatorda, har oyda bir marta klub a’zolari qiziqqan sohada yoki shaxslar bilan onlayn suhbatlar o’tkaziladi. Bundan tashqari, klub a’zolari o’rtasida eng yaxshi loyiha, tashabbus va blogpostlar bo’yicha tanlovlar o’tkazib turiladi.

Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi O’zbekistonda va dunyoning turli rivojlangan davlatlarida ta’lim olgan, tajriba orttirgan hamda ishtiyoqmand yoshlar tomonidan ko’ngillilik asosida tashkil etilgan. Maktab jismoniy makonga ega emas, u dunyoning turli davlatlarida yashayotgan ko’ngillilar tomonidan boshqariladi.

Maktab ijtimoiy tadbirkorlik, yetakchilik va rahbarlik hamda boshqaruvga oid resurslarga boy bo’lib, ularning barchasi o’zbek tilida taqdim etiladi. Shu bilan birga, ishtirokchilarning til tanlovlariga qarab resurslar ingliz va rus tillarida ham taqdim etiladi.

Shu o’rinda, ijtimoiy tadbirkor tushunchasiga oydinlik kiritishni lozim topdik. “Ijtimoiy tadbirkor” – bu o’z atrofidagi ijtimoiy zarurat va ehtiyojlarga sezgir bo’lgan va ushbu zaruratlarga innovatsion va barqaror yechim topgan va ularni amalga oshira olgan shaxsdir. Boshqa so’zlar bilan aytganda, ijtimoiy tadbirkor boshqalar faqat muammoni ko’rganda, u imkoniyat ko’radi va ushbu imkoniyatni butun jamiyatga foyda keltiradigan loyihalarga aylantiradi.

Natijalarimiz bilan tanishish uchun ushbu sahifaga kiring.

Ko’p Beriladigan Savollar (KBS) ruknini o’qish uchun bu sahifaga kiring.

Biz bilan bog’lanish uchun bu sahifaga kiring.