Biz jamoat joylarida chekishga qarshimiz

Tanlov ishtirokchisi

G‘oya qanday tug‘ildi?

Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi Facebookdagi sahifasida yana bir onlayn aksiya o‘tkazdi. O‘tgan onlayn aksiyamizdan ilhomlangan ITM ishtirokchisi buxorolik Ulug‘bek jamoat joylarida chekishga qarshi biror tadbir uyushtirish taklifi bilan chiqdi. Ulug‘bekni o‘ylantirgan masala bu gavjum shahar ko‘chalarida, avtobus bekatlarida va boshqa shunga o‘xshash jamoat joylarida chekuvchilarning bamaylixotir buralatib chekishi edi. Ulug‘bek nima qilsa ham jamiyatga foydasi tegishini o‘ylaydigan va o‘z harakatlari bilan nafaqat o‘ziga, balki yon-atrofdagilarga ham naf keltirishni istaydigan yosh ijtimoiy tadbirkor. Bundan tashqari, Ulug‘bek bizning Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabida ham o‘qigan.

Shunday qilib, Ulug‘bek aholi o‘rtasida passiv-ikkilamchi chekishga qarshi targ‘ibot olib borib, ularning bu borada madaniyatini shakllantirishga ahd qildi.  Aksiyaning birinchi bosqichini onlayn tarzda o‘tkazish taklifini Maktab faollari qo‘llab-quvvatladi: faollardan kimdir aksiyaning dizaynini yaratdi, kimdir aksiya kunlariga moderatorlik qildi va yana kimdir aksiyadan ilhomlanib ijodiy hikoya yozdi.

2015 yil, 26-yanvardan 31-yanvarga qadar davom etgan “Biz jamoat joylarida chekishga qarshimiz!” nomli onlayn aksiyaning maqsadi aholining passiv chekish haqida bilimini oshirish, jamoat joylarida chekishni taqiqlovchi O‘zbekiston qonunlari bilan tanishtirish va jamoat joylarida chekmaslik bo‘yicha madaniyatni shakllantirish edi. Aksiya davomida chekishning sog‘liqqa, atrof-muhitga va shaxs yoki oila byudjetiga zarari haqida gapirildi; passiv chekishning zararlari va bu boradagi davlatimiz qonunlari haqida ma’lumot berildi; chekish borasida xalq madaniyatini shakllantirish borasida takliflar qabul qilindi; muammoga yoshlar va ijtimoiy tadbirkorlarning yechimlari kiritildi; bu borada boshqa davlatlarning tajribasi o‘rganildi hamda Ulug‘bek hayotda amalga oshirmoqchi bo‘lgan aksiya bo‘yicha tavsiya va takliflar beriladi.

Chekish bo‘yicha qonun nima deydi?

Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 30 foizi tamaki mahsulotlarini iste’mol qiladi. Ular orasida 3 foizi ayollarni tashkil qiladi.

O‘zbekiston 2012-yil 24-apreda Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkilotining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha Hadli konventsiyasiga (Jeneva, 2003 yil 21 may) qo‘shildi.  “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilish hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risidagi O‘zbekiston qonuniga ko‘ra, tamaki mahsulotlari 20 yoshga to‘lmaganlarga sotilmaydi hamda ularni sotish joylarida tamakining inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi ogohlantiruvchi yozuv joylashtirilgan bo‘lishi kerak. (15-modda)

Bundan tashqari, O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni reklama va targ‘ib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. (18-modda). Jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida, tamaki mahsulotini iste’mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar bundan mustasno, shuningdek jamoat transportining barcha turlarida tamaki mahsulotini iste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. (19-modda). Qonunda belgilangan jamoat joylarida chekkanlik uchun jarima ham belgilangan (MJTK, 122-modda).

Aksiyada nimalar haqida so‘z ketdi?

Qiziqarli jihati shundaki, ko‘pchilik chekishning zarari haqida bilsada, jamoat joylarida chekishni qonun taqiqlashidan bexabar ekan. Bu qonunlar ko‘zlanganidek natija bermayotganidan aksiya ishtirokchilarining ba’zilari o‘zlarini ham javobgar deb bilishdi. Ba’zilari esa jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni taklif qilishdi. Deyarli barcha bir ovozdan passiv chekishga qarshi ijtimoiy reklama va roliklarni hamda aksiyaga o‘xshash faollikni  ko‘paytirishni taklif qilishdi. Masalan, namanganlik Farhod, chekishga qarshi xususan passiv chekishga qarshi tashabbuslarda yoshlarning faol ishtiroki bir o‘q bilan ikki quyonni urish ekanligini aytib, bu yoshlar o‘rtasida ham chekishni kamayishiga sabab bo‘lishiga ishontirdi.  Jizzaxlik Temur esa bunday o‘zgarishlarni bosqichma-bosqish amalga oshirishni  hamda bu tashabbusni davlat ham qo‘llab-quvvatlashi lozimligini aytdi. Bundan tashqari, tamaki mahsulotlariga yuqori soliq solish, importini to‘xtatish, mahsulot qadoqlariga chekishning sog‘liqqa zararini ko‘rsatuvchi rasmlarni yopishtirish kabi takliflar bildirildi.

Aksiyaning yana bir ahamiyatli jihati shu bo‘ldiki, unda chekuvchilar ham ishtirok etdi. Masalan, muqaddam chekuvchi bo‘lgan Abdusharif chekishni tashlashining ijobiy natijalarini boshqalar bilan baham ko‘rdi. Aksiya davomida o‘tkazilgan “Men Qarshiman” nomli suratlar fleshmobi ham samarali o‘tib, turli viloyatlardan bo‘lgan aksiya ishtirokchilari o‘zlarining jamoat joylarida chekishga nima uchun qarshi ekanliklarini ijtimoiy tarmoqlarda izhor qilishdi.

Bundan tashqari, aksiya tufayli 31-may xalqaro chekishga qarshi kuni ekanligini ko‘pchilik bilib oldi; ishtirokchilar passiv chekishga qarshi o‘z shaxsiy tajribalarini bayon qilishdi; kimdir ingliz tilidan yozadigan inshosi uchun foydali ma’lumot to‘plab oldi va maktab faoli Nafisa mavzudan ilhomlanib juda ta’sirli hikoya ijod qildi.

Bolalar ertagi yoxud Umidning iltijosi

Askiya davomida “Odamlar ko‘proq nima sababdan chekadi deb o‘ylaysiz yoki siz nima uchun chekasiz?” degan so‘rovnoma ham o‘tkazildi. So‘rovnoma omma orasida juda katta qiziqish uyg‘otdi: 200 dan ortiq Facebook foydalanuvchisi unga “like” berdi, 51 ta foydalanuvchi so‘rovnomani to‘ldirdi va unga 80 dan ortiq izoh qoldirishdi.

Biz nima o‘rgandik?

O‘tkazilgan aksiya ITM faollari uchun ham katta tajriba maktabi bo‘ldi, desak xato bo‘lmaydi. Chunki aksiya davomida maktab faollari ITM kurslari davomida olgan bilimlarini ishga solib, tadbirga moderatorlik qilishni tajribadan o‘tkazishdi. Ijtimoiy muammolarni hal qilishga qaratilgan innovatsion yechimlar o‘ylashni yana bir bor mashq qilib ko‘rishdi.

Aksiyaga har kim o‘z qo‘lidan kelgancha ijobiy hissa qo‘shdi. Onlayn aksiyaning muvaffaqiyatli o‘tishiga andijonlik Shavkat, jizzaxlik Temur, farg‘onalik Abdurashid,  namanganlik Farhod, navoiylik Venera, toshkentlik Nafisa, Shohista va Shuxrat faollik ko‘rsatishdi. Albatta, g‘oya muallifi buxorolik Ulug‘bekning tashabbusi va faol harakatisiz aksiya bunday muvaffaqiyatga erishmagan  bo‘lardi. Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi aksiyada ishtirok etgan barchaga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

O‘tkazilgan aksiyaning muhimligi shundaki, u faol yoshlarning tashabbuslarini ro‘yobga chiqardi; Facebookdagi o‘zbek foydalanuvchilarining  jamoat joylarida chekishning zararlari haqidagi bilimini oshirdi; va eng muhimi,  yoshlarni ijtimoiy muammolarga befarq qarab turmasdan, qo‘llaridan kelgancha uni bartaraf qilishga chorlab, fikrlash uchun maydon yaratib berdi.  Shu muhim an’anani davom ettirgan holda buxorolik Ulug‘bek va uning do‘stlari mazkur aksiyani hayotda ham o‘tkazishni reja qilishmoqda.