«G’oyadan amalga oshirishga qadar» deb nomlangan to’rt kunlik intensiv trening xalqaro mutaxassis Alexander Liampert tomonidan O’zbekiston sharoitiga moslashtirilgan taqdimotlar va guruhlarda ishlash uslubida olib borildi. Ishtirokchilar O’zbekistonning turli viloyatlaridan tanlov orqali yig’ilgan tashabbuskor yoshlardan iborat bo’ldi. Trening har qanday ijtimoiy masalani hal qilish uchun tug’ilgan g’oyadan to amalga oshirishga tayyor loyiha holiga keltirish uchun kerakli barcha amaliy va nazariy ko’nikmalarni o’z ichiga oldi. Trening rus va o’zbek tillarida olib borildi.
Trening Maqsadi:
‘G’oyadan amalga oshirishga qadar’ jonli treningi ijtimoiy loyiha yozish jarayonida kerakli bo’ladigan barcha bosqichlarini chuqur o’rganish va tahlil qilishga bag’ishlanadi. Ishtirokchilar trening so’ngida ijtimoiy g’oya nima, uni amalga oshirish uchun qanday bosqichlarni tayyorlash kerak, jamoa tuzish, muammoni aniqlash, baholash va uni yechish bo’yicha strategik reja tuzish, manfaatdor guruhlar bilan ishlash, ularning ehtiyojini aniqlash, loyiha byudjetini va hisobotini tayyorlash, ko’rsatkichlar ishlab chiqish hamda loyihani grant loyiha sifatida tayyorlash usullari haqida bilimlarga ega bo’ladilar. Shuningdek, kichik guruhlarda o’zlari qiziqqan ijtimoiy masalalar bo’yicha amaliy mashg’ulotlar ustida ishlashadi. Trening yakunida ishtirokchilar o’zlari bilan olib kelgan g’oyalarini tayyor loyiha ko’rinishiga keltirishda mutaxassislar tomonidan amaliy maslahatlar olishadi.
Trener Haqida:
Alexander Liampert – “Yangi Yevrosiyo” fondining tashkiliy rivojlanishi bo’yicha maslahatchi, MBA o’quv darajasiga ega. Belorussiada tug’ilgan. Loyiha yozish va tadbiq etish, monitoring va baholash bo’yicha ko’p yillik xalqaro tajribaga ega yetakchi mutaxassis. U O’zbekistonda tez-tez xalqaro va mahalliy tashkilot xodimlari uchun loyiha yozish va baholash bo’yicha trening va seminarlar o’tkazib keladi.
Treninglarimizda ishtirok etish uchun @Uchinchi_sektor telegram kanaliga a’zo bo’lib yangi kurslarga tanlovlarni kuzatib boring, yoki bizga o’z qiziqishlaringiz haqida yozib yuboring.