Iqlim o’zgarishi va Men

2015-yil 12-dekabrda Iqlim O’zgarishi bo’yicha Parij Konferensiyasi yangi kelishuvga kelishi iqlim o’zgarishi masalasini qanchalik ahamiyatli ekanini va har bir davlat va jamiyat e’tiboriga muhtojligini aks etttiradi. Iqlim o’zgarishiga oid global harakat atrofida biz ham o’z mahalliy sharoitimizda iqlim o’zgarishini o’rganish va uni oldini olishga o’z hissamizni qo’shish uchun Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi ushbu mavzuga bag’ishlangan onlayn aksiya o’tkazdi. Mazkur aksiya doirasida iqlim o’zgarishi borasida bilimlarimizni oshirish, tabiatga kelayotgan zararli omillarni muhokama qilish, va ularni oldini olish/bartaraf etish borasida munozara olib bordik. Har birimiz yakka shaxs, oila va jamiyat sifatida o’z hissamizni qo’shishga amaliy qadamlar tashlaymiz degan umiddamiz.

Aksiya mavzularini Facebookda #iqlimozgarishi#COP21 heshteglari bilan topish mumkin.

Ikki kunlik aksiya davomida ommaga va ishtirokchilarimizga turli savollar bilan murojaat qildik.  «Muammo faqat meniki bo’lgandagina hal qilinadi» degan gap bor, toki muammo to’g’ridan-to’g’ri shaxs manfaatiga zarar yetkazmas ekan, ko’pchilik unga befarq qaraydi. Nima deb o’ylaysiz, iqlim o’zgarishi shaxsan sizga qanday ta’sir qiladi va unga qarshi siz nima qila olasiz? Masalan, iqlim o’zgarishi har bir odamning sog’lig’iga, atrof-muhitga, iqtisodiyotga, qishloq xo’jaliklari ekinlari va oziq-ovqat yetishtirish sanoatlarga juda katta salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bunday muammoning oldini olish uchun BUGUN siz nima qila olasiz? #iqlimozgarishi

Aksiyada ishtirokchilar, o’z fikr-mulohazalarini aks ettiradigan video va foto postlar, savol va iqlim o’zgarishi mavzusiga oid qiziqarli fakt va roliklar bilan bo’lishdilar. Ishtirokchilar o’z bilimlarini sinab ko’rishi uchun viktorina savollari ham tayyorlandi.

Aksiyaning ikkinchi kuni, O’zbekiston fanlar akademiyasi energetika va avtomatika institutining ilmiy xodimi Bahtiyor Gaziev ITMning Facebook sahifasida 18:00-20:00da jonli savol-javob olib bordi. Onlayn va shaxsiy kelib tushgan 30dan ortiq savollarga jonli javob berildi. Savollar quyosh energiyasi, energiya samaradorligi, iqlim o’zgarishining O’zbekistondagi tabiiy ta’sirlari, ahlat chiqindilarni yo’qotish, Orol dengizi muammosi, ozon qatlamining yemirilishi, salomatlikka ta’siri, yoshlar olib borishi mumkin bo’lgan ishlar va boshqa iqlim o’zgarishiga bog’liq masalalar qamrab oldi.