Muvaffaqiyat sirlari: Dovezu.uz asoschisi Shuxrat Agzamov

Yosh bo’lishiga qaramay yuqori muvaffaqiyatlarni zabt etib kelayotgan shijoatli yosh ijtimoiy tadbirkor, Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabining eng faol ishtirokchilaridan biri, Shuxrat Agzamov haqida ko’p eshitgan bo’lsangiz kerak. Uning Dovezu.uz loyihasi nafaqat O’zbekistondagi, balki ko’plab xalqaro miqyosdagi tanlovlarda yuqori baholangan va ayni damda ushbu loyiha jamiyatimizning ijtimoiy ravnaqiga katta hissa qo’shib kelmoqda.

Biz ushbu yosh ijtimoiy tadbirkorga uning muvaffaqiyati va tajribasi bo’yicha bir nechta savollar bilan murojaat qildik.

1. O’zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bering.

Men Shuxrat Agzamov, Toshkent shahrida tavallud topganman.  Yoshim 22da. Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti AKT sohasida Iqtisod va Menejment fakulteti 4chi bosqich talabasiman. Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yangi innovatsiyalar, startaplar, mobil dasturlar, marketing, reklama, dizayn va biznesga qiziqaman. 

2. G’oyalaringiz tug’ilishiga nima sabab bo’ldi ? Qanday loyihalar ustida ishlaysiz?

G’oyalarim tug’ilishi, ko’pincha o’zimni holatimdan kelib chiqadi. Aytishadiku, qo’shiq insonga yoqadi, qachonki shu inson qo’shiq ichidan o’zini topa olsa. Men ham ko’pincha, o’zimni ehtiyojlarimni hisobga olgan holda g’oyalar tuzaman. Misol uchun Dovezu.uz loyiham men litseyda o’qib yurgan paytlarim, ertalab o’qishimga 3ta transportda(avtobus) ketardim, shunda avtobuslar to’la bo’lgani uchun, ko’pincha o’qishga kech qolib, darslarga kirolmay qolardim.

Shunda o’qishimizdan o’zimni tumanimda yashaydigan o’quvchilarni topib, transport narxida mashinada keladigan bo’ldik. Shunda g’oya tug’ilgan edi, insonlarga ham foydali bo’ladi deb keyinchalik «Facebook»da guruh tashkil qildim, foydalanuvchilar bunchalik faol bo’lishini kutmagan edim. Shundan so’ng guruh tashkil etib dastur yaratdik. Innovatsion zamonaviy texnologiyalar ishlatilgan va insonlarni hayotini osonlashtiradigan loyihalar ustida ishlayman. Fokusimni foyda olishdan ko’ra ko’proq mijozlar minnatdorchiligiga, farovonlik, mijozga nisbatan yaxshi munosabat, sifatli xizmatga yo’naltirganman.

3. G’oyani amalga oshiradigan loyiha darajasiga olib chiqishda kimlar yoki nimalar yoxud qanday xususiyatlaringiz ish berdi?

G’oyani loyiha darajasiga olib chiqishda qiziquvchanligim, tirishqoqligim, meni va do’stlarimni ko’zlarida chaqnab turayotgan olov va tashabbus yordam berdi, deb o’ylayman. O’zimga yoqadigan ish qilayotganim uchun, loyiha kelajagi bilan qiziqayotganim uchun ham, ko’proq ishlashga harakat qilayabman va insonlar tomonidan bildirilayotgan fikrlar, mehnatim natijasi menga zavq bag’ishlayabdi.

4. Loyihalaringiz bilan qanday yutuqlarga erishdingiz yoki harakat qilib ko’rdingiz?

Dovezu.Uz loyiham bilan VIII Innovatsion g’oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika Yarmarkasida qatnashib faol ishtirokchi diplomi bilan taqdirlandik; Startup mix 14 sonida taqdimot qildik; Xalqaro GIST TECH-I 2015 tanlovida ishtirok e’tib yuqori ball to’pladim; «Ta’limda AKTning joriy etilishi: Janubiy Koreya tajribasi misolida» Respublika Simpoziumi qoshidagi ko’rgazmada ishtirok etdim.

Bundan tashqari ushu ijtimoiy dastur foydalanuvchilari bilan 9-may «Xotira va qadrlash» kuniga atab xayriya aksiyasini o’tkazib, qariyalar va nuroniylarni sovg’alar bilan tabrikladik, ijtimoiy yordamga muhtoj va nogiron insonlarni tadbirlarga bepul eltib berish uchun ko’ngillilar va avtomobillar bilan ta’minladik, nuroniylar uyiga jo’natiladigan kiyim kechaklarni yetkazish uchun dasturimizdagi haydovchilarni jalb qildik. Bundan tashqari, dastur foydalanuvchilari bilan respublikamizning dam olish hududlariga bepul sayohat uyushtirib turamiz.

www.som.uz internet do’kon ochish g’oyam bilan, “O’zing haqingda so’zla va sen haqingda dunyo biladi” deb nomlangan tanlovda g’olib deb topildim.

5. Yana nimalar ustida ishlashni va qanday insonlar bilan ishlashni xohlar edingiz?  

Birinchi o’rinda insonlar uchun kerakli, muhim va  insonlarning hayotini osonlashtiradigan, kelajakda ularga xizmat qiladigan loyihalar ustida ishlashni rejalashtirganman. Tashabbuskor, o’z ishiga sodiq, o’z ishini sevadigan, harakatchan, yaxshi natijalarni ko’zlaydigan, guruhda ishlashga qiziqadigan va samimiy hamda yaxshi insonlar bilan ishlashni xohlar edim.

6. Kelajakdagi orzularingiz nimalardan iborat?

Orzularim ko’p, kelajakda katta kompaniya egasi bo’lib, mening mahsulotlarim dunyo bo’ylab xizmat ko’rsatib, insonlarga qulaylik olib kelishini istayman. Va yana bir orzuyim, zavq bag’ishlaydigan va meni yanada rivojlantiradigan loyihalarni amalga oshirish.

7. Siz kabi yoshlarga nimalarni maslahat bergan bo’lar edingiz?

Men kabi yoshlarga maslahatim, imkoniyatlar juda ko’p, kichik narsani ham katta bilib faqat harakat qilish kerak. Ta’lim olish kerak, ta’lim sohasida ham imkoniyatlar ko’p, faqat o’zimiz yugurib, qayerda nima bo’lyapti, bilib, o’zimizga kerakli narsalarni olishimiz kerak. Eng muhimi vaqt, vaqtdan unumli foydalanishimiz kerak. Omad – har bir ishni o’z vaqtida amalga oshira olishdadir.