Natijalar

Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi o’z faoliyatini boshlaganiga ko’p o’tmagan bo’lsada samarali natijalarga erishildi. Ushbu natijalar maktabimiz olib borayotgan faoliyat haqiqatdan ham hozirgi zamon talablariga mos va muhimligidan dalolat beradi. Shu kungacha maktabimiz yuzlab yosh o’zbek yetakchilarga ijtimoiy tadbirkorlik sirlarini o’rgatdi va ularga o’z loyihalarini yaratishga yordam berdi.

Kurslarimiz ishtirokchilari nafaqat O’zbekistonning turli hududlarida, balki hozirda boshqa davlatlarda ham istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizdan iborat. Ularning barchasini tadbirkorlikka va ijtimoiy ehtiyojlarga yechim topish ishtiyoqi birlashtirib turadi. Davlatimizda Internet tarmog’i rivojlanib borgan sari, bizning safimizga qo’shilayotganlarning soni ham ko’payib bormoqda. Shuni faxr bilan qayd etishimiz mumkinki, bizning safimizda chekka qishloqlarda yashaydiganlar soni sezilarni darajada oshmoqda.

Shu kunga qadar Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi o’ndan ortiq bepul kursni taqdim etdi. Kurslarni dunyoning  yetakchi oliygohlarida tahsil olgan va katta tajribaga ega instruktorlar olib boradi. Ular tadbirkorlikka qadam qo’ygan yoshlarga:

  • yetakchilik va jamoani boshqarish;
  • ishonchli muloqot;
  • qaror qabul qilish;
  • menedjment;
  • loyihalarni rejalashtirish va boshqarish;
  • ish rejasi va byudjetni tayyorlash;
  • blogerlik mahorati;
  • samarali muloqot;
  • monitoring qilish va hisobot tayyorlash va shu kabi boshqa ko’nikmalarni o’rgatib kelishmoqda.

Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi kurslarining bitiruvchilari deyarli barchasi o’zlarining innovatsion va jamiyat foydasini ko’zlagan loyihalarini ishlab chiqqan. Quyida esa ulardan namunalar bilan tanishishingiz mumkin.

LOYIHALAR

Ta’lim sohasida: 

  • Inklyuziv ta’lim markazini tashkil etish, ya’ni jismoniy va aqliy imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatga qo’shilishini osonlashtirish va imkoniyatlar yaratish;
  • Qishloqda zamonaviy turdagi maktabgacha tarbiya muassasasini ochish va bolalarda yoshligidan kerakli ko’nikmalarni rivojlantirish va chet tillarini o’rgatish;
  • Chekka joylarda chet tillarini o’rgatish markazlarini ochish;
  • Mahallada kutubxona va o’quvchi yoshlarga ko’ngillilar (volontyorlar) tomonidan darslar bilan yordam berish xizmatini tashkil qilish;
  • Mahallada bolalar uchun amaliy mehnat to’garaklarini tashkil etish;
  • Ko’zi ojizlar uchun kitoblar yaratish;
  • Kam ta’minlangan oilalardagi abiturientlar uchun oliy o’quv yurtlariga kirish uchun bepul o’qishga tayyorlash kurslarini yaratish;
  • Oliygoh qoshida izlanishlar olib borish uchun texnopark tashkil qilish va shu kabi loyihalar.

Sog’liqni saqlash sohasida:

  • O’zbek tilida tibbiyotga oid ma’lumot portalini yaratish va sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish;
  • Psixologik konsultatsiya markazini tashkil qilish va onlayn tarzda aholiga maslahatlar berish;
  • Chekka qishloqlarda sport va sog’lomlashtirish muassasalarini ochish va boshqa shu kabi loyihalar.

Tabiatni asrash sohasida:

  • Mahalliy chiqindilarni qayta ishlash maskanini tashkil etish;
  • Mahalladagi energiyaga bo’lgan ehtiyojni qondiradigan biogaz ishlab chiqarish maskanini ochish;
  • Oliygohda chiqindilarni ajratish qutilarini o’rnatish va talabalarni chiqindilarni ajratishga o’rgatish;
  • Quyosh va shamol energiyasini ta’minlab beruvchi tizimni mahallada o’rnatish;
  • Kuz faslida to’planadigan xazonlarni ekologik usulda to’plab olib undan tabiiy o’g’it ishlab chiqarish;
  • Viloyat shaharlaridan birida eko-park tashkil etish;
  • Quyosh energiyasidan foydalanadigan arzon ro’zg’or qozonini ishlab chiqarish;
  • Eko turizmni tashkil etish va boshqa shu kabi loyihalar.

Tadbirkorlik va bandlik sohasida:

  • Chekka hududda non mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasini tashkil qilish va yoshlarni ish bilan ta’minlash;
  • Joylarda tashlandiq yerlardan foydalanib kichik ferma tashkil etish va yangi ish o’rinlarini yaratish;
  • Tabiiy va shifobaxsh issiq yoki sovuq ichimliklarni ekologik toza idishlarda aholiga sotish;
  • Eko sumkalar ishlab chiqarish va qizlar uchun yangi ish o’rinlarini tashkil etish;
  • Mahalla aholisi bilan birgalikda bo’sh yerlarda bog’/issiqxona yaratish va undan mahalla ehtiyojlari uchun foyda to’plash;
  • Chekka hudud aholisi uchun veterinariya xizmatini ochish;
  • Banner va reklama vositalarini ishlab chiqarish va yoshlarni marketing va reklama ko’nikmalariga o’qitish;
  • LED nurlari yordamida vitaminlarini 80% gacha saqlab qolishini ta’minlaydigan mevalarni quritishni yo’lga qo’yish. Ularni maktab va bog’chalarda tarqatish;
  • Mahalliy turistlar uchun arzon mehmonxonalar (hostellar) ochish va  joylardagi ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash;
  • Tumanda qarovsiz qolgan qariyalar va yordamga muhtojlar uchun transport (taxi) va mahsulot yetkazib berish xizmatini yaratish va boshqa shu kabi loyihalar.

Axborot texnologiyalari sohasida:

  • Onlayn tizimda, ya’ni masofaviy ta’lim berish portallarini yaratish;
  • Ekologik muammolarga bag’ishlangan Internet portalini yaratish;
  • Internetda savdo do’konini yaratish va aholiga, ayniqsa harakatlanishi cheklangan shaxslarga mahsulot va tovarlarni xarid qilishni osonlashtirish va yetkazib berish xizmatini ochish;
  • Kerak bo’lmagan buyumlarni almashish bo’yicha Internet portalini yaratish;
  • O’zbekistonda eko turizm uchun mo’ljallangan joylar to’g’risida ma’lumot portalini yaratish;
  • Viloyat shaharlari bo’yicha info portalni yaratish va unda barcha kerakli ma’lumot va  xaritalarni joylashtirish;
  • Chekka hududlardagi hunarmandlarning mahsulotlarini marketing qilish portalini yaratish va boshqa shu kabi loyihalar.

Boshqa ijtimoiy sohalar:

  • Dekret (onalik) ta’tilida bo’lgan ayollar uchun professional rivojlanish kurslarini tashkil etish va ularni malakalarini oshirishda ko’maklashish;
  • Turizm sohasini rivojlantirish uchun  gidlar maktabini tashkil qilish
  • Viloyatda biznes trenerlar klubini tashkil etish;
  • Viloyatda ijtimoiy tadbirkorlar klubini taskil etish;
  • Avtoyo’llar chiziqlari va yo’l chetidagi to’siqlar uchun qorong’ida yoritib turadigan maxsus bo’yoq (kraska) ishlab chiqarish va uni ayniqsa chekka qishloq joylarida ishlatish va boshqa shu kabi loyihalar.

Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi kurslarini tamomlaganlariga ancha vaqt o’tmagan bo’lsada, bir nechta ishtirokchilar o’z loyihalarini amalga oshirishni boshlab yuborishdi. Misol sifatida Mansurning www.avitsenna.uz tibbiyotga oid portalini keltirsak bo’ladi. Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi yosh ijtimoiy tadbirkorlarga o’z loyihalarini amalga oshirishlariga ham ko’mak beradi. Ijtimoiy Tadbirkorlar Klubida ular bir-birlaridan va alohida taklif etilgan mutaxassislardan maslahatlar oladilar. Shu kungacha 20dan ortiq tajribali mutaxassislar bilan onlayn suhbatlar tashkil etildi. Ularning orasida Google korporatsiyasida xizmat qilib kelayotgan vatandoshimiz Nodir Turaqulov, Xalqaro Ta’lim bo’yicha Kembridj universitetida faoliyat olib borayotgan Zamira Akobirova, Germaniyada muqobil energiya bo’yicha izlanishlar olib borayotgan Ravshan Xo’janov, AQShda kadrlarni boshqarish bo’yicha mutaxassis Abror Sharipov, va boshqa shu kabi mutaxassislar bilan suhbatlar olib borildi.

Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi ijtimoiy muammolarga yechim topish uchun zamin yaratish maqsadida maktab safidagi a’zolar bilan birgalikda bir nechta onlayn aksiyalarni ham muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Masalan, “Toza jamoat hojatxonalari xohlaymiz”“Jamoat joylarida chekishga qarshimiz”,  «Iqlim o’zgarishi va men» mavzularidagi aksiyalarda yuzlab Internet foydalanuvchilar o’z firk va mulohazalari va yechimlari bilan faol qatnashdilar.