O‘zbek ayollarining liderlik muvaffaqiyatlarini nishonlash

Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi 3-7 mart kunlari “Facebook”dagi sahifasida yana bir onlayn aksiya o‘tkazdi. Bu tadbir “O‘zbek Ayollarining Yetakchilikdagi Muvaffaqiyatlarini Nishonlash” deb nomlandi va aksiya davomida 20 ta yetakchi o‘zbek ayoli bilan o‘tkazilgan suhbat aksiya ishtirokchilari e’tiboriga video, audio va maqola tarzida havola etildi. Muhokama davomida 640dan ziyod fikr va mulohazalar bildirildi.

Ayollarning yetakchilik roliga bag‘ishlangan onlayn aksiya o‘tkazishdan maqsad ayollar jamiyatda muhim o‘rin tutishini anglab yetish, ularning ham oilada ham jamoat ishlaridagi mehnatlarini tan olish, qadrlash va ular jamiyatda teng ovozga ega bo‘lishlariga sharoit yaratib berish edi.

Intervyu bergan ayollarning barchasi o‘z vaqtini to‘g‘ri taqsimlay olish, sharoitga moslashish, doimo yangilikka intilish, hech qachon bo‘sh kelmaslik va doimo “men qila olaman” degan kayfiyatda yurish, o‘ziga ishonchi baland va tirishqoqlik kabi liderlik xususiyatlariga ega ayollar. Tadbir davomida biz suhbat o‘tkazgan ayollar turfa xillikni namoyish qiladi, chunki ular turli yoshdagi, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan, turmush sharoiti turlicha bo‘lgan hamda turli hududlardan bo‘lgan ayollardir. Qahramonlarimizning barchasi hayotining ma’lum bosqichida qiyinchiliklarga duch kelgan va aynan liderlik xususiyatlari sababli va yon-atrofidagilarning yaratib bergan ijobiy sharoitlari tufayli muvaffaqiyatga erishgan. Shuningdek, ular oila va professional hayotni muvozanatda ushlashda, osonlik bilan bo‘lmasada, ma’lum miqdorda muvaffaqiyatga erishdim deya oladi. Qahramonlarimizda umumiy bo‘lgan sifat bu ularning o‘z yon-atrofidagilarga, jamiyatga va insoniyat umummanfaatlari uchun hissasini qo‘shishga bo‘lgan baland ishtiyoqdir; ularning har biri ayol va qizlar uchun ta’lim olishning muhimligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Qolaversa, deyarli barcha suhbatdoshimiz o‘z hayotida unga o‘xshashga harakat qilgan qahramon ayol siymosi bo‘lganligini tilga oladi.

Onlayn aksiyaga ko‘plab “Facebook” foydalanuvchilari qiziqish bildirdi va juda qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.  Ko‘pchilik Lider Ayol degan tushunchani noto‘g‘ri tushunganini yoki uni to‘g‘ri ma’noda tushunishdan bosh tortganini izhor qildi. Masalan, lider ayol deganda faqat ma’lum bir korxonada rahbar lavozimida ishlovchi ayolni yoki raislik qiluvchi ayolni tushunganlar ko‘p bo‘ldi. Shunga qaramay, biz nazarda tutgan lider ayol tushunchasini to‘g‘ri tushungan ishtirokchilar ham talaygina edi. Ulardan ba’zilarining lider ayol degan tushunchaga bergan ta’riflarini quyida keltiramiz.

Muazzam Ibrohimova: «Lider ayollar degani, ko‘pchilik erkaklar tushunayotganday «dama kozrlik» emas. Lider ayol oilada ham, jamiyatda ham oqila, dono, tadbirkor va mustaqil fikriga ega shaxsdir. Bitta Malala Yusufzayni oling, Pokiston xotin-qizlariga bilim olish huquqini berish uchun hayvondan farq qilmaydigan, ongsiz va tushunchalari islom olamiga zid jangarilarga tik qaradi. Agar u boshqa tengdoshlariga o‘xshab befarq bo‘lganida hozir minglab xotin-qizlar unga ergashmagan bo‘lardi.»

Muhabbat Rahimova:«Liderlik bu boshliq degani emas. Liderlik bu biror yoki bir nechta maqsadlar sari yo‘naltiruvchi shaxs. Shunday maqsadlar bo‘ladiki, uni ayol kishi yo‘naltirishi yaxshiroq bo‘ladi. Shunday ekan, lider ayolmi erkakmi o‘z atrofidagilarini maqsad sari yo‘naltira bilishi kerak.»

Mulohazalar davomida “liderlik ayollarga chiqarilmagan”, “oilada erkak o‘z liderlik rolini eplolmasagina ayol lider bo‘lishi mumkin” kabi salbiy fikrlar ham bildirildi. Bundan tashqari, aslida biz va ularning ayollarning jamiyatdagi o‘rni va maqomini ko‘tarish bo‘yicha tushunchamiz bir bo‘lgan, ammo lider ayol degan tushunchani noto‘g‘ri talqini sababli tadbir ilgari surgan maqsadga qarshi chiqib fikr bildirganlar ham bo‘ldi. Ayrim ishtirokchilar dunyoviy jihatdan ayollarning liderligini qo‘llab-quvvatlashini va buning jamiyat uchun muhimligini to‘la tushunib turganini ammo bu g‘oyalarning o‘zi bilgan diniy ta’limotlar bilan birlashtirishda muammoga duch kelayotganligini izhor qildi. Bahs-munozaralar davomida ba’zi faollar O‘zbekistonda diniy ilmi bilan tanilgan shaxslarni ham aksiyaga jalb qilib, ulardan mazkur masala bo‘yicha fikrlarini so‘rashdi.

Tadbir onlayn o‘tkazilgan bo‘lsa-da, tadbirga qiziqish bildirilganlarning o‘ta faolligi bilan o‘tkazildi. Masalan, aksiya davomida 20ga ayqin “Ayollar liderligi muhim, chunki ….” deb o‘zlari muhim deb bilgan sababni ko‘rsatgan yozuvni ko‘tarib tushgan rasmlar-fleshmob suratlari “Facebook”ga joylashtirildi. Aksiyaga nafaqat “Facebook”ning o‘zbek foydalanuvchilar orasida, balki boshqa millat vakillari orasida ham qiziqish uyg‘onib, ular ham nima uchun ayollar liderligini qo‘llab-quvvatlashlarini izhor qiluvchi rasmlarini yuborishdi.  

Shu jumladan, aksiya davomida Liderlik lavozimlarida nima uchun ayollar soni ko‘proq bo‘lishi muhim?  degan so‘rovnoma ham olib borildi. Uning natijalariga ko‘ra Internet tarmog‘idagi o‘zbek foydalanuvchilari  yetakchi o‘zbek ayollari soni ko‘payishini qo‘llab-quvvatlaydilar. Javob berganlarning 38% “ayollar jamiyatda o‘z ovoziga ega bo‘lishi uchun” degan javobni tanlagan bo‘lsalar, yana 33% “bu ayollarning huquqi” degan javobni tanlaganlar.

Aksiyamiz ayollarga o‘rnak bo‘ladigan yetakchi o‘zbek ayollarining shaxsiy hikoyalarini ommaga olib chiqish orqali jamiyat uchun lider ayollar bo‘lishining muhimligi, ayollarga ular o‘z qobiliyat va imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun uning yon-atrofidagilar, ayniqsa, oiladagi erkaklarning sharoit yaratib berishi muhimligini yetkazishda, shuningdek, Internet tarmog‘idagi o‘zbek foydalanuvchilar orasida ayollarning jamiyatdagi o‘rni haqida nosog‘lom fikrlash hamda stereotiplardan voz kechishga undashga, hamda buni muhokama qilish uchun platforma yaratib berishda, kichik bo‘lsada, muvaffaqiyatga erishdi deb hisoblaymiz.