«Samarali muloqot» kursi

2020-yil deakbr oyida nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari hamda faol yoshlar uchun “Samarali muloqot” kursi bo‘lib o‘tdi. Darslar Zoom platformasida o‘zbek tilida tashkil etildi. Kursni ko‘p yillik tajribaga ega xalqaro mutaxassis Ted Elder olib bordi. 

3 haftalik kurs davomida tinglovchilar o‘zlarida ijtimoiy muammolarga oid bahs-munozaralarda, loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonida zarur bo‘lgan samarali muloqot ko‘nikmalarini o‘zlashtirib, bilim va tajribalarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar.

Darslarda interfaol usullar yordamida samarali muloqot uchun muhim bo‘lgan faol eshitish va tinglash odobi, savol so‘rash mahorati, o‘z fikrini erkin va aniq ifodalash singari muhim qoidalar haqida so‘z yuritildi.

Kursning o‘ziga xos jihatlardan yana biri har bir tinglovchi uchun samarali muloqot o‘rnatishiga to‘sqinlik qilayotgan salbiy xislatlar ustida ishlash imkoniyati taqdim etildi.

«Kursdan olgan taassurotlarim anchagina. Jumladan, insonlar bilan muloqotda qanday xatolarga yo‘l qo‘yishimni bilib oldim. Biz insonlarni tushunmas ekanmiz, ular bilan samarali muloqotga kirisha olmaymiz.

Kelajakda o‘z o‘quv markazimni ochishni niyat qilganman. Bunda ITM maktabidan olayotgan bilimlarim albatta qo‘l kelishiga ishonaman«, – deydi Ismigul Matnazarova, “Samarali muloqot” kursi tinglovchisi.