SWOT Tahlili

“SWOT” tahlili bu yangi tashabbuslar bo‘yicha strategik rejalashtirish va qaror qabul qilishda yordam beradigan usul hisoblanadi.

“SWOT” so‘zi quyidagi inglizcha so‘zlarning qisqartmasidan  olingan:

  • S – Strengths (Kuchli tomonlar);              
  • W – Weaknesses (Zaif tomonlar);
  • O – Opportunities (Imkoniyatlar);
  • T – Threats (Xavflar).

Siz o‘z loyihangiz g‘oyasini aniqlaganingizdan keyin, uni tahlil qilishingiz kerak. Ya’ni kuchli va zaif tomonlarini, imkoniyat va xavflarini aniqlashingiz lozim. Bu bir qarorga kelishingiz va rejalashtirishingizni osonlashtiradi.

Masalan, loyihangizning kamchiliklari, afzalliklari yoki loyiha oldida qanday xavflar bo‘lishi mumkinligini oldindan aniqlashda “SWOT” tahlili sizga yordam beradi. Shu bilan birga, tahlil orqali aniqlangan muammolarga oldindan ta’sir qilishingiz mumkin bo’ladi.

«SWOT” tahlilini oson tushunish uchun uni 4 katakli jadvalda namoyish etamiz. Tepadagi ikki katakda kuchli tomonlar va zaif tomonlar ifodalangan va ular ichki omillar deb ataladi. Pastdagi ikki katakka  imkoniyatlar va xavflar qo‘yilgan va ular tashqi omillar deb ataladi.

“SWOT” tahlili quyidagi savollarga javob topishda qo‘l keladi:

  • Ushbu loyihani amalga oshirishda o‘zingiz yoki tashkilotingizning kuchli tomonlari yoki farqli afzalliklari nimada?
  • O‘zingiz yoki tashkilotingizning zaif va nozik tomonlari nimada? Aniqlangan kamchiliklar orasida qaysi birini birinchi o‘rinda bartaraf etishga harakat qilishingiz kerak?
  • Loyihaning samarali amalga oshishi uchun qanday imkoniyatlar mavjud?
  • Loyihani amalga oshirishda qanday to‘siqlar va xavf-xatarlar bo‘lishi mumkin? Ularning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Quyida bir misol orqali biz “SWOT” tahlilini o‘tkazamiz.

A’zamjon Dang’‘arada sog’lomlashtirish markazini ochmoqchi. Uning fikricha, soglomlashtirish markazi barcha shahardagi bekorchi yoshlarga sport bilan shugullanish, soglom turmush tarzini organish va oz sogliklarini tiklashga yordam beradi. Shu bilan birga, soglomlashtirish markazi yangi ish o’rinlari yaratadi va turli sport, uqalash (massaj) kabi kurslarni taqdim etadi.

Kuchli Tomonlar (Strengths):

Yo‘naltiruvchi savollar:

Loyihani amalga oshirishda boshqalardan qanday afzalliklaringiz bor? Yetarli tajribaga egamisiz? Qaysi qobiliyatlaringiz loyihaga ijobiy ta’sir korsatishi mumkin? Sizga yordam beradiganlar kimlar?  Qancha mablagtopa olasiz? Raqobatchilardan qanday ustunliklaringiz bor? Nimalar borasida muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin?

Bir necha  yil oldin Qo‘qon shahridagi shu kabi sport markazida oddiy karate murabbiysidan rahbargacha ko‘tarilganman. Shu sohani va uni boshqarishda nimalar kerakligini juda yaxshi bilaman.
     
Men hozirgi kunda boshqarib kelayotgan nodavlat tashkilotim shaharda juda taniqli, tashkilotim  orqali reklama qilish va yangi markaz to‘g‘risida ma’lumot tarqatishim oson bo’ladi.      

Hokimiyat bizga shahardagi qarovsiz bo‘lgan va toshloq holatdagi joyni 10 yil muddatga bepul ijaraga bermoqchi. Joyi yaxshi va u yerga shahar transporti boradi. Bu yerda ijara to‘lamasdan 10 yil ichida foyda qilsak bo’ladi.      

Men bir necha yildan beri rahbar bo‘lib ishlab kelmoqdaman va kuchli rahbarlik qobiliyatiga egaman. Shuning uchun ishni osongina tashkil qila olaman.

Zaif tomonlar (Weaknesses) :

Yo‘naltiruvchi savollar:

Qanday kamchiliklar mavjud? Qanday tosiqlar bor?  Yetarli mablagni topa olasizmi? Boshqa qanday qiyinchiliklar bor? Raqiblaringizning sizdan qanday ustunliklari bor?

      Markazga ajratilgan joyni remont qilish kerak, u ko‘p mablag‘ va vaqt talab qiladi. Dang‘aradagi yoshlarda qanday sportga qiziqish borligi to‘g‘risida bizda ma’lumot yo‘q. Ba’zi mutaxassislar yetishmaydi.

Imkoniyatlar (Opportunities):

Yo‘naltiruvchi savollar:

Qanday imkoniyatlar mavjud? Loyihangiz bugungi kunda qanchalik kerakli va muhim? Loyiha kimlarga yoqishi mumkin va kimdan qoshimcha komak olishingiz mumkin? Qanday imtiyozlar mavjud?  Loyihani amalga oshirish natijasida siz uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratilishi mumkin?

Bu kabi sog‘lomlashtirish markazi Dang‘arada mavjud emas, shuning uchun raqobat ham bo‘lmaydi.

Hozirgi kunda shu kabi tashabbuslarni ko‘plab grant jamg‘armalari qo‘llab-quvvatlamoqda va loyihaga mablag‘ topish oson bo‘ladi.

Remont uchun imtiyozli kredit olish imkoniyati bor.

Toshkentdagi katta sport markazlari o‘zlarining ishlatilgan sport anjomlarini xayriya sifatida berishlari mumkin.

Juda ko‘p yoshlar bugungi kunda bekor yuribdi. Agar sport bilan shug‘ullanishsa yoki yangi hunar o‘rganishsa, jamiyat ravnaqi uchun katta hissa bo‘ladi.

Xavflar (Threats):

Yo‘naltiruvchi savollar:

Qanday xavflar mavjud? Loyihani amalga oshirishda nimalar tosqinlik qilishi mumkin? Qonuniy to’sqinliklar bormi? Raqobatchilaringizdan qanday xavf bor?

Ish yuritishga litsenziya olish qiyin bo‘lishi mumkin.
     
Yoshlarni qiziqtira olmasligimiz mumkin.      

Xarajatlarni to‘la qoplaguncha ancha vaqt kerak bo‘ladi. Bu payt ichida oyliklarni oshira olmaymiz. Natijada ishchilarning ishtiyoqi kamayadi va bu, o‘z navbatida, xizmatlarimizning sifatiga ta’sir qilishi mumkin.

Raqobatchilar shu kabi markaz ochishlari mumkin va buning natijasida bizning mijozlarimiz kamayadi.

Savollarga javob yozishda javoblaringizning noxolis bo‘lishini esdan chiqarmang. Shuning uchun bu mashqqa boshqalarni ham jalb qiling. Ularning fikrlari siznikidan boshqacha bo‘lishi mumkin va ular sizning e’tiboringizdan qochgan tomonlarni ko‘rsatishi mumkin. Kamchilik va zaifliklar haqida yozganingizda faqat rostini yozing. Bu sizga to‘g‘ri qaror qabul qilishda va kelajakdagi yo‘qotishlarning oldini olishda yordam beradi.

Javoblaringizni mos kataklarga joylashtirib, tahlil qilishni boshlang. Ishni javoblaringizga baho berishdan boshlashingiz mumkin. Ya’ni, ularga, muhimligiga qarab, 1 dan 3 gacha baho bering (3 – muhimligi eng kam).

Kuchli tomonlar
O‘zimning kuchli qobiliyatlarim      
Tajribam      
Tanishlarim      
Tashkilotimning mashhurligi
1
2
1  
Zaif tomonlar      
Remont qilish kerak      
Yoshlarning qiziqishi bo‘yicha ma’lumot yo‘q      
Mutaxassislar yo‘q
1
3
2
Ichki omillar
Imkoniyatlar      
Xech kim qilgani yo‘q bu ishni      
Jamg‘armalar grant bermoqda      
Yoshlarga imkoniyat
1
1
2  
Xavflar      
Litsenziya olish qiyin bo’lishi mumkin      
Yoshlarni jalb qila olmasligimiz mumkin      
Raqobatchilar shu kabi markaz ochishlari mumkin
1
2
3
Tashqi omillar

Tahlil natijasida kuchli tomonlar va imkoniyatlar kuchliroqmi yoki kamchiliklar va to‘siqlarmi, shuni aniqlaysiz. Shundan so‘ng imkoniyatlardan to‘la foydalanish va xavflarni kamaytirish bo‘yicha strategiya tuzishingiz mumkin.

Strategiya uchun misollar:    

      S-O (Kuchli tomonlar va Imkoniyatlar strategiyasi) – Bu strategiya kuchli tomonlarni doim esda tutib, ulardan loyiha muvaffaqiyati yo‘lida foydalanishni o‘rgatadi. Imkoniyatlarni izlab, ulardan to‘la foydalanish lozim. Masalan, jamg‘armalarning grant tanlovlariga loyiha hujjatlarini topshirish yoki Toshkentdagi katta sport majmualariga murojaat qilib, ularga loyiha to‘g‘risida so‘zlab berish va ulardan kerak bo‘lmagan sport anjomlarini hadya qilishlarini so‘rash mumkin.

      W-O (Zaifliklar va Imkoniyatlar strategiyasi) – Bu strategiya imkoniyatlardan kamchiliklarni to‘ldirish yo‘lida foydalanishga xizmat qiladi. Masalan, yuqoridagi misolimizda bepul ijaraga berilgan joyni remont qilish kerakligi kamchilik sifatida keltirilgan. Buni qanday qilib imkoniyatga aylantirish mumkin? Bu loyiha jamiyatga foyda keltiradigan va yoshlarning samarali vaqt o‘tkazishlarini ta’minlash uchun yaratilayotgani bois banklar osonlik bilan imtiyozli kredit berishi mumkin. Shahar hokimiyati buning uchun tasdiqlovchi xat yozib berishi mumkin.

      S-T  (Kuchli tomonlar va Xavflar strategiyasi)  – Ushbu strategiya  kuchli tomonlarni qo‘llash orqali tashqi xavflarning oldini olishga qaratiladi. Masalan, yoshlarni jalb etishda, tashkilotingiz taniqli bo‘lgani uchun, tashkilot orqali reklama qilish yoki ma‘lumot tarqatish samarali bo‘ladi. Yoshlarni qiziqtirish, loyihaga jalb etish, ularning sport bilan bog‘liq qiziqishlari qandayligini bilish uchun so‘rovnomalar tarqatish, uchrashuvlar va muhokamalar o‘tkazish lozim.

      W-T (Zaifliklar va Xavflarga nisbatan himoya strategiyasi) –  Bu strategiya kamchiliklar va xavflarning ro‘y berish darajasini orttirmaslikka xizmat qiladi. Masalan, ishchilarning ishtiyoqi kamaymasligi uchun ular bilan uzoqroq muddatga shartnoma tuzish yoki ularga ko‘proq imtiyoz berish mumkin. Ishchilarni boshqaruv jarayoniga jalb qilish, ularning fikr va mulohazalarini inobatga olish ham ishchilarni ruhan qo‘llab-quvvatlaydi.