Uchinchi sector va Men

Ijtimoiy Tadbirkorlik Maktabi bitiruvchilarimizdan kelgan talab va taklif hamda, O’zbekistonda fuqarolik jamiyati sohasida yuz berayotgan ijobiy rasmiy va tashabbuskorona o’zgarishlarni hisobga olib, 2018 yilning 25-29 noyabr kunlari “Uchinchi Sektor va Men” axborot haftaligi o’tkazdi.

Aksiyaning vazifalari va kundalik mavzulari quyidagicha edi:

– Ishtirokchilar Uchinchi Sektor nima, undagi tashkilotlarning turlari, faoliyati, maqsad va vazifalari haqida tushunchalarga ega bo’ladilar.

– Nodavlat va Notijorat Tashkilot (NNT) va davlat tashkilotlari, biznes tashkilotlaridan farqi, o’xshashligi, hamkorlik nuqtalari haqida o’rganadilar.

– NNTni ochish uchun kerakli bilim va ma’lumotlarga ega bo’ladilar.

Belgilangan kundalik mavzular:

1 – KUN (25 Noyabr) mavzusi: Uchinchi sektor nima? Jamiyatga nima uchun bunday tashkilotlar zarur?

2 – KUN (26 Noyabr) mavzusi: O’zbekistonda qanday turdagi nodavlat tashkilotlar bor? Ular qaysi yo’nalishlarda faoliyat olib bormoqda?

3 – KUN (27 Noyabr) mavzusi: Nodavlat tashkilotni tashkillashtirish va faoliyat olib borish uchun davlat tomonidan ishlab chiqarilgan qonun-qoidalar, imtiyoz va imkoniyatlar haqida

4 – KUN (28 Noyabr) mavzusi: Nodavlat tashkilotni tashkillash qadamlari. NNT faoliyatini amalga oshirishning kuchli va zaif tomonlarini tahlil qilish

5 – KUN (29 Noyabr) mavzusi: Loyihalarni moliyalashtirish va hamkorlikda ishlash. «Eng Yaxshi Ijtimoiy Loyiha G’oyalari» Tanlovini e’lon qilamiz.

Axborot haftaligi o’tgan aksiyalarimizdan biroz farqli ravishda tashkillandi. Unda ITM bitiruvchilari uchun ham ko’plab yangi ma’lumotlar va ko’nikmalar bo’lishini hisobga olib, moderatorlar kundalik belgilangan mavzular doirasida postlar, xabarlar, so’rovnoma va savol-javob forumlarini tayyorlashdi. Bunda fuqarolik jamiyatida faoliyat olib borayotgan bitiruvchilarimizning o’rni va roli katta bo’ldi.

Bitiruvchilarimizning ishtiroki va ishtiyoqi juda sezilarli bo’ldi. Haftalik dasturimizda, Facebookdagi o’zbekzabon foydalanuvchilar uchun mavzuga mos turli hil materiallar tarjima qilindi, poster xabarlar yaratildi hamda Facebookdagi turli ommaviy guruhlarda keng targ’ib qilindi. Faol istirokchilarimizdan Hurshida va Feruza, Shavkat, Shuxrat va Bahtiyorlar alohida postlar va nodavlat notijorat tashkilot faoliyati haqida video materiallar ham yaratishdi.

Ushbu haftalik davomida Telegram platformasida ham Uchinchi_Sektor nomli kanalga asos solindi. Aksiya tugagan bo’lsada, kanal o’z faoliyatini davom ettirib kelmoqda va kundan-kunga o’sib bormoqda. Kanalda o’zbek tilida fuqarolik jamiyati, nodavlat notijorat tashkilotlari va ularga bog’liq tashkilot va tashabbuskor guruhlarga kerakli va foydali ma’lumotlar muntazam ravishda e’lon qilinib boriladi. Kanalga ulanish uchun: https://t.me/Uchinchi_Sektor ga kiring.

Haftalikning so’nggi kunida Loyihalarni moliyalashtirish va hamkorlikda ishlash. «Eng Yaxshi Ijtimoiy Loyiha G’oyalari» nomli ommaviy tanlov e’lon qilindi. Arizachilar orasida ko’plab faol bitiruvchilar hamda yangi tashabbuskor yoshlar o’z loyiha g’oyalari bilan ishtirok etishdi. Tanlov g’oliblari aniqlanib, Uchichi_Sektor kanalida ham e’lon qilindi. Ushbu g’oliblar dasturimizning keyingi bosqichi intensiv onlayn kurslarga taklif olishdi.